10. Qadr kechasi fazilati

Muborak oy kechasida shundayin bir kecha bor, Ul kechaning soyasida mukofot ming kecha bor. (Abdurrohim Marg'iloniy)


Izoh:

Alloh taolo aytadi:
“Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir”
(Qadr surasi, 3-oyat).

Ramazon oyidagi Qadr kechasi fazilat bobida ming oydan ham yaxshi va mo'tabardir, bu kechada qilingan ibodatlar ming oyda qilingan ibodatlardan yaxshiroqdir. Oyatdagi "ming oy" jumlasi ma’lum vaqt hajmini ko‘rsatish uchun emas, misol tarzida kelgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni Qadr kechasi ming oy va undan ham ko‘proq muddatdan yaxshidir degan ma’noni ham bildiradi. Chunki biror miqdor aynan o‘sha adadni bayon qilish uchun goho u bog‘langan narsaning sharafi va ulug‘ligini bayon qilish uchun keltiriladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Ramazon oyi kelganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
"Sizlarga Ramazon oyi – muborak oy keldi. Alloh taolo sizlarga bu oy davomida ro‘za tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Uning yaxshiliklaridan mahrum bo‘lgan kimsa baxtsizdir"
(Ahmad, Nasoiy rivoyati).