Do'st haqida (muxtasar)

Do'st haqida (muxtasar)
Alhamdulillah, vassolatu vassalamu a'la Rosulilla

Kirish

Bismillah. O'tmish haqidagi maqolani yozishdan oldin, tushkunlikka tushgan paytim internetdan "O'tmish haqida" maqola qidirib, yaxshi bir muxtasar maqola topolmaganimdan so'ng, shu haqida o'zim yozishga qaror qilganimni aytgandim.

Do'st haqidagi mazkur maqola ham xuddi shu kabi holatdan so'ng yozishga qo'l urdim. Chunki insonlar (ilmlarni) muxtasar bo'lgan asarlardan tez va oson o'rganishlari bor narsa.

"Sen meni kim ekanligimni so'rama, do'stlarim kimligiga boq, yetadi".

Albatta inson o'z do'stlarini o'zgartirishligi bilan o'zini o'zgartiradi.

Islom dini mukammal din. Islom dini, do'stlik dinidir.

Modomiki musulmon kishi o'z dinini mukammal ekaniga iymon keltirgan ekan, demak shu mukammal din ko'rsatgan ko'rsatmalar biz uchun birinchi va oxirgi manzil bo'lishi lozim.

Shu zamonning turli makonlarida odamlar tomonidan do'st haqidagi tushunchalar o'zaro mahalliychilik, ulfatchilik ustiga qurilib ketaverganidan, oxir oqibat dinimiz ta'limotlaridan uzoqlashib haqiqiy do'st haqidagi tushunchalarga ega bo'lolmadik.

Holbuki islom dinichalik do'stlikni targ'ib qilgan va mustahkam bog'lagan na bir jamiyat, na bir tuzum na bir boshqa dinlar bo'lmagan.

Shuning uchun mo'tabar manbalarga tayangan holda, do'st haqida aniq tushunchalar hosil bo'lishi uchun bugun sizlar bilan do'st haqida suhbatlashamiz.

Chunki har bir insonga albatta do'st kerak, do'stsiz esa insonning hayoti yaxshi bo'lmaydi, najot ham topmaydi.

Maqolada o'rganishimiz mumkin bo'lgan bo'limlar:

• Do'stning inson hayotidagi o'rni;
• Do'stlik (suhbat) yuquvchidir;
• Do'stlikning 5 darajasi;
• Qanday insonni do'st tutmoq kerak?
• Yaxshi do'st sifatlari haqida;
• Sunnatga muvofiq do'stlashish qanday?
• Qanday insonni do'st tutib bo'lmaydi?
• Qachon do'stdan voz kechish kerak?

Do'stning inson hayotidagi o'rni

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida: "Mo'min kishi do'st bo'ladi va do'st qilinadi. Na do'st bo'ladigan, na do'st qilinadigan insonda yaxshilik yo'q!", deganlar.
(Imom Ahmad va Bazzor rivoyati).

Do'stlik tushunchasining mazmun mohiyati haqida olimu fozillar tomonidan ko'plab so'zlar aytilgan. Lekin do'st haqida qisqacha tushuncha olishimiz uchun ba'zilarini keltirish bilan kifoyalandim:

Yaxshi do'stlar davrasiga qo'shilgan kishi yuksaladi. Yomon do'stlar davrasiga qo'shilgan kishi pasayadi.

• Do'stlik bu — og'izdagi chiroyli gap-so'zlar bilan emas, balki uning amallarda namoyon bo'lishidir.

• Do'stlik bu — Yaxshi ishlarda o'zaro yordamlashish va bardavom bo'lishdir.

• Do'st-dushmanning farqiga bormaslik, johillar tabiatidandir.

• Gulsiz gulzorning zavqi bo‘lmaganiday, do‘stsiz hayotning ham zavqi yo‘qdir.

• Haqiqiy do'st hayotingni yorita oladi.

• Do'st noyob va nodir kishidir.

Imom Shofeiy rahmatullohi alayh aytdilar: Agar dunyoda sodiq do'st bo'lmasa, bunday dunyoga alvido bo'lsin!

Do'stlik (suhbat) yuquvchidir

"Do'stlik ta'sir qiluvchidir. Insonning qalbi ta'sirlanadi, shuning uchun do'stlashayotgan insoningga qara!" (Hayatud-dunya)

Farzand uchun eng muhim omil (yaxshi) do'st tanlashdir.

Tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, yosh bola atrofdan o'rganadigan narsaning 60% do'stlaridan o'rganadi. Shuning uchun ota-onalar farzandlarini do'stlariga qarab qo'yishligi lozim.

Afsuski bugungi kunda ota-onalar o'z farzandlarini kim bilan do'stlashayotganiga qaramay qo'ydi. Buni natijasini ko'rib turibmiz.

Aytildi: "Kishini oilasi yaxshi bo'lgani bilan, diniy e'tiqodli ilm-ma'rifatli bo'lgani bilan, do'stlari yomon bo'lsa, baribir o'sha (kishi yoki farzand) do'stlariga tortib (o'xshab) ketib qoladi".

Do'sti yo'q insonda yaxshilik yo'qligini tushungan bo'lsak, demak do'stning inson hayotidagi muhimlik darajasini ham tushunib oldik.
Endi esa musulmon kishi bilishi lozim bo'lgan do'stlikning 5 darajasini o'rganamiz.

Do'stlik 5 darajadir

"Do'st tutmoqlik vojibdir. U(ish)ning avvali Alloh taoloni do'st tutmog'ing, so'ngra payg'ambar alayhissalomni do'st tutmog'ing, so'ngra olim(ahli ilm)larni do'st tutmog'ing hamda mo'min bandalarni do'st tutmog'ingdir. Do'stlik bundan boshqa narsa emas, mobodo undan boshqalarni istasang, (u) yoki shayton yoki uning izdoshlari bo'ladi. Sen to'rttani mahkam tut najotga erishasan. Mobodo beshinchisini do'st tutsang halok bo'lasan". (Hayatud-dunya kitobidan)

  1. Alloh taoloni do'st tutish;
  2. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni do'st tutish;
  3. Ahli ilmlarni do'st tutish;
  4. Mo'min bandalarni do'st tutish.
  5. Shayton va uning izdoshlarini do'st tutish.

1. Alloh taoloni do'st tutish.

Qur'oni karimda do'st lafzi 87 ta oyatda zikr qilingan bo'lsa, shulardan Alloh toaloni do'st tutish yoki u Zotni do'st tutmaslik oqibatlari haqida 42 ta oyatda zikr qilingan. Shulardan ba'zilarini keltiraman.

"Albatta, osmonlaru yerning mulki Allohniki ekanini va sizlarga Allohdan o'zga do'st ham, yordamchi ham yo'qligini bilmadingmi?"
(Baqara surasi, 107-oyat)

"Kim yomonlik qilsa, uning jazosini tortadir. Va o'ziga Allohdan o'zga do'st ham, yordamchi ham topa olmas".
(Niso surasi, 123-oyat)

"Alloh iymon keltirganlarning do'stidir. Ularni zulmatlardan nurga chiqarur".
(Baqara surasi, 257-oyat)

2. Payg'ambar alayhissalomni do'st tutish.

"U (qiyomat) kunda zolim ikki qo'lini tishlab: "Ey voh!!! Payg'ambar ila bir yo'lni tutganimda edi!" der.
"Ey voh!!! Koshki falonchini do'st tutmasam edi", der.
(Furqon surasi, 27-28 oyatlar)

Tafsir: Bu dunyodagi Payg'ambarni qo'yib, boshqaga ergashgani noto'g'ri bo'lganini o'sha paytda tushunib yetadi. Ammo endi kech, hayit o'tdi.
"Tafsiri Hilol" kitobidan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rohimahulloh)

Alloh taologa do'st bo'lish, u Zot buyurgan ishlarni qilish, qaytargan ishlardan qaytish. Rosululloh alayhissalomga do'st bo'lish u zotga yo'llariga ergashish hamda u Zot yaxshi ko'radigan ishlarni qilish va yomon ko'radigan ishlarni tark qilishdir.

Shu qavldan kelib chiqib, odamlarga do'st bo'lish ham go'yoki unga ergashish va uni yo'lini tutish bilan barobardir. Shuning uchun oyatda keltirilganidek, eng afzal do'st — taqvodor do'stdir. Demak Qur'oni Karimda Alloh taolo kimni taqvo sifati bilan sifatlagan bo'lsa, navbatdagi do'st tutilishi afzal bo'lgan kishi shu bo'ladi.

3. Ahli ilmlarni do'st tutish

Alloh toalo aytadi:
"Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo'rqarlar".
(Fotir surasi, 28-oyat)

Luqmoni Hakim oʼgʼliga dedi: “Ey oʼgʼilcham, ulamolarni doʼst tutgin, ularga yaqinroq boʼlgin va uylariga borib ziyorat qilgin hamda ularning suhbatlarida oʼtirgin, shoyadki ularga oʼxshasang va ular bilan birga boʼlsang. Sen ularning solihlari bilan birga oʼtirgin, garchi yomon boʼlsangda, Аllohning rahmati ularga yetadigan boʼlsa, sen ham (oʼsha rahmatga) kirib qolarsan”.

Ahli ma'nilarga kimki ishqalur, Ishqalib birla ko'ngilda ish qolur. Ish qolur deb agar kim ishqalmasa, Ul ishidan ham zarurroq ish qolur.
(So‘fi Ollohyor rahmatullohi alayh)

Zotan, ahli ilmlarga ergashish va ularni do'st tutish vojib ishdir.
Alloh taolo Qur'oni Karimda:
Agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahllaridan soʻranglar.
(Nahl surasi, 43-oyat)

Aytildi: "Kim ahli ilmlarga bepisand bo‘lsa, oxirati ketib qoladi".

4. Mo'min bandalarni do'st tutish

Alloh taolo aytadi:
"Oʼsha kunda taqvodorlardan boshqa doʼstlar bir-birlariga dushmandir".
(Zuxruf surasi, 67-oyat).

Qiyomat kuni hamma o'z oqibatini bilgach, garchi bu dunyoda o'zaro yaqin do'st bo'lsa ham, bir-biriga dushmanga aylanadi. Chunki u dunyoda bir-birlarini turli amallarga undagan do'stlarning do'zaxga tushib jazo tortishlari aniq ma'lum bo'lib qoladi. Ana o'shanda, yomon bilan do'st bo'lganiga afsuslanib, do'stlar do'stini yoqtirmay qo'yadi. Do'stlar dushmanga aylanadi. Bir-biriga malomat qilib, seni deb shunday bo'ldi, deyishga o'tadi.

Faqat taqvodor do'stlarning oqibati xayrlidir. Chunki ularning do'stligi Alloh uchun, taqvo asosida qurilgan edi. U do'stlar doimo yaxshi amallarni qilgan bo'ladilar. Shuning uchun qiyomat kuni birga jannatga tushadilar va do'stliklari yana ham ortadi.

"Tafsiri Hilol" kitobidan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rohimahulloh).

Hasan Basriy rohimahulloh:
Moʼmin doʼstlarni koʼpaytiringlar. Chunki moʼmin kishi oʼz yaqini va doʼstlarini (qiyomat kuni) shafoat qiladi.
Kofir kimsalar bu holni koʼrgach:
"Mana endi bizlar uchun shafoatchilar ham yo'q. Biron qadrdon do'st ham yo'q" (Shuʼaro surasi, 100-101 oyatlar), deb aytadilar.

5. Shayton va uning izdoshlarini do'st tutish.

Alloh taolo aytadi:
"Kimki Allohni qo'yib shaytonni do'st tutsa, batahqiq, ochiq-oydin ziyonga uchraydir". (Niso surasi, 119-oyat)

Tafsir: Ya'ni Alloh shaytonni la'natladi, O'z rahmatidan quvdi.
Shayton esa quvilayotgan paytda:
"Qasamki, bandalaringdan ma'lum nasibani olaman", dedi.
Meni shularning sababidan la'natlayapsan, men bulardan ma'lum miqdorni o'z yo'limga chiqarib, kufr va isyonga chorlayman, dedi.

Bu haqda Imom Muslim o'z "Sahih"larida quyidagi rivoyatni keltiradilar:
"Alloh taolo qiyomat kuni Odamga:
"Do'zax haqqini yubor", deydi. Odam:
"Do'zax haqqi nima?" deb so'raydi. Alloh:
"Har mingtadan to'qqiz yuz to'qson to'qqizi", deydi.

Demak, bandalar ichida shaytonga tegadigan ma'lum nasiba, ya'ni do'zaxiylar bor. Ular bu dunyoda unga ergashganlardir.
So'ng shayton o'z gapida davom etib: "Ularni adashtiraman, xomxayollarga solaman", deydi.
Ya'ni bandalaringni to'g'ri yo'ldan — Sening yo'lingdan adashtiraman va ularni xomxayollarga solaman — umrimiz uzun bo'ladi, mazza qilib yuramiz, qayta tirilish ham, hisob-kitob ham, qiyomat ham yo'q, deb yuraveradigan qilib qo'yaman, deydi.

"Tafsiri Hilol" kitobidan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rohimahulloh)

Do'st — ko'zgudir.

"Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
"Аlbatta, sizning biringiz oʼz birodarining koʼzgusidir. Аgar unda kirni koʼrsa, artib qoʼysin", dedilar", deyilgan. (Imom Termiziy rivoyat qilgan)

Аlbatta, nasihat qilish boshqalarning oldida emas, yolgʼiz holda amalga oshiriladi. Аslida birovga uning ayblarini aytib, yoʼl koʼrsatib nasihat qilish yakkama-yakka boʼladi. Bu ishni boshqaning oldida qilish nasihat emas, doʼq-poʼpisa boʼladi.

Imom Shofeʼiy rahmatullohi alayh aytdilar:
"Kim oʼz doʼstiga maxfiy vaʼz qilsa, unga nasihat qilgan va uni ziynatlagan boʼladi. Kim oʼz doʼstiga oshkora vaʼz qilsa, uni sharmanda qilgan va ayblagan boʼladi", deganlar.

"Ruhiy tarbiya" kitobidan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rohimahulloh)

Yaxshi do'st sifatlari

Imom Hasan ibn Ali roziyallohu anhu aytdilar: "Haqiqiy do'sting u seni doim ziynatlab yuradi. Agar unga xizmat qilsang, uni qadriga yetadi. Agar yordam so'rasang, darrov yordam beradi. Gap gapirsang, gapingga shubhasiz ishonadi. U bilan do'stlik qilayotganini bilgani sari, sendan yaxshiroq do'st bo'lishga harakat qiladi. Biror sir aytsang uni yashiradi".

Imom Odilxon qori Yunusxon oʼgʼli aytdilar: "U (do'st) qaysidir kamchiligingiz tufayli sizdan yuz oʼgirib ketmaydi.
Yigʼingiz uchun yigʼlaydi, shodligingiz uchun quvnaydi. Uzringizni qabul qiladi, xatoingizni kechiradi va yoʼqligingizda ham sizga vafodorlikni saqlaydi, kam - koʼstingizni toʼldiradi".

"Solih doʼst sen uchun oʼzingdan ham yaxshiroqdir. Chunki nafs doim yomonlikka undab turadi. Solih doʼst esa faqatgina yaxshilikka buyuradi".
© arabicuz

Do'stiga uning hayotligida ham vafotidan keyin ham oʼziga qilgan barcha duolar bilan duo etishi yaxshi do'st sifatlaridandir.

Аbu Dardo roziyallohu anhudan: Paygʼambar alayhissalom marhamat aytdilar: “Musulmon kishining oʼz birodariga gʼoyibona etgan duosi mustajob. Uning boshida muakkal (vakil) etilgan farishta har vaqt u birodariga yaxshilik bilan duo qilsa, “Omin (qabul et) va senga ham shu boʼlsin”, deb aytadi”.
(Al-Adab al-Mufrad)

Аbu Dardo roziyallohu anhu juda ham koʼp yoru-birodarlarining nomlarini birma-bir aytib duo etardilar. Imom Аhmad sahar vaqtida olti nafar kishi ismlarini zikr qilib duoda boʼlardilar.
Аmmo birodarning vafotidan keyin unga duo etish toʼgʼrisida Аmru ibn Hurays bunday deb aytgan: “Аgar banda vafot etgan birodariga duo qilsa, bir farishta bu duoni uning qabriga olib keladi va aytadi: “Ey qabrning gʼarib sohibi! Bu senga shafqat etgan birodardan hadya”. (Minhojul qosidiyn kitobidan)

"Intiqomga shoshilish pastkashlarga xos xususiyatdir. Eng yaxshi doʼst – zamon turli rangga kirib, oʼzgarib tursa ham doim bir xil rangda turadigan, oʼzgarmaydigan doʼstdir. Foyda beradigan kumush tanga qulatadigan tillo tangadan yaxshidir".
(Unvaanul bayaan kitobidan)

Senga ozor beradigan narsadan chetda boʼl. Oʼzing uchun shunday solih bir doʼst tanlaginki, bunday doʼst kamdan kam uchraydigan boʼlsin. Ishingni Аllohdan qoʼrqadiganlar bilan maslahat qil!
(Umar ibn Xattob roziyallohu anhu)

Nabiy alayhissalom shunday marhamat qiladilar:
“To oʼziga yaxshi koʼrgan narsani doʼsti uchun ham yaxshi koʼrmaguncha birortangiz (komil) moʼmin boʼlolmaysiz!”,
(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

"Eng yaxshi doʼst shuki, senda biror yaxshilik koʼrsa hammaga aytadi, biror ayb koʼrsa yashiradi, dunyo senga kulib boqsa hasad qilmaydi, dunyo sendan yuz oʼgirsa tashlab ketmaydi".

"Buyuk doʼst – shodliging va qaygʼularingda sherik boʼladigan doʼstdir. Undan ham buyugi – qaygʼuli hayotingni shodlikka aylantirib yuboradigan doʼstdir".
© arabicuz

"Mo'min erkaklar va mo'mina ayollar bir-birlariga do'stdirlar..." (Tavba surasi 71-oyat)

Tafsir:
Munofiqlar bir-birlariga qanchalik o'xshasalar ham, hech qachon o'zaro valiy - do'st bo'la olmaydilar. Chunki valiylik - do'stlikning o'ziga yarasha vazifalari bo'ladi. Valiy odam do'stiga yordam berishi, og'ir hollarda qutqarishi, uni deb o'zini o'tga-cho'qqa urishi va ko'pgina mashaqqatlar chekishi lozim. Munofiq hech qachon bu ishlarni qila olmaydi. U doimo o'zini o'ylaydi, qo'rqoq bo'ladi, qiyinchiliklardan qochadi.

"Tafsiri Hilol" kitobidan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rohimahulloh).

Sunnatga muvofiq do'stlashish

Imom Buxoriy va Muslimning “Sahih”larida Termiziydan rivoyat etilgan hadisda voridki:
“Аgar biringiz oʼz birodarini doʼst tutsa, bas, doʼst-birodarligini unga bildirsin”, yaʼni “Men sizni Аlloh yoʼlida doʼst tutaman”, degan soʼzlar bilan birodarligini izhor etishi lozim.

Sahih hadisi sharifda voridkim:
“Musulmon musulmonga doʼst-birodar, unga zulm ham etmaydi va uni oʼz holiga tashlab ham qoʼymaydi”.
(Imom Muslim Аbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat etgan hadisning bir qismidan olindi). Izoh: Birodari or-nomusini himoya etishdan beparvo boʼlish uni oʼz holiga tashlab qoʼyish boʼladi.

Qanday insonni do'st tutmoq kerak?

Biling! Har bir kishi suhbatdosh va do'st bo'lishga munosib bo'lavermaydi. Shuning uchun suhbatdoshning sifat va xislatlarini yaxshi bilish lozim.
"Sen shunday kishi bilan do'st va hamsuhbat bo'lginki, unda 3 xislat bo'lsin:
Birinchisi, aqlli bo'lsin. Ahmoqning suhbatidan foyda yo'q.
Ikkinchisi, xush fe'llik va chiroyli muomaladir.
Uchinchi xislat, salohdir. Gunoh va ma'siyatga rag'bati bor odam Alloh taolodan qo'rqmaydi va andisha qilmaydi. Kim Robbisidan qo'rqmasa, unga (ergashib) e'tiqod qilib bo'lmaydi".

Hadisi sharifda, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
"Kishi do'stining dinida bo'ladi. Sizlardan biringiz bir kishi bilan do'stlashishmoqchi bo'lsa, yaxshilab qarasin", ya'ni uning odob-axloqi va din-diyonatidan xabardor bo'lsin", dedilar. (Abu Dovud, Termiziy, Hokim rivoyat qilishgan)

"Kishi do'stining dinida bo'ladi" degan so'zni bizni tilimiz bilan aytganda, "mazhabida bo'ladi" desak yana ham tushunarliroq bo'ladi. Yoki "do'stini dunyoqarashida bo'ladi" desa ham bo'ladi. Xullas qanday fikrlasa shunday fikrlaydi, nima qilsa shuni qiladi.

"Sendan so'zi va holati oliyroq bo'lgan odam bilan do'st bo'l.
(Uni) qanday aniqlab olsa bo'ladi?
— U bilan birga bo'lganingda qalbing xotirjam bo'ladi.
— Uni suhbatida xotirjam bo'lasan. Mana shu odam holati sendan oliyroq bo'ladi".

"Holingni yuksalishiga, ilmingni ziyoda bo'lishiga sabab bo'ladigan inson bilan do'st bo'l".

Qanday inson holimni yuksalishiga sabab bo'ladi? — U (inson) ilm va amalda sendan afzal bo'ladi.

Ja'far as-Sodiq rahmatullohi alayh aytdilar: Bir odam bilan sen ozgina g'azablashib qolding, tortishib qolding, 3 marta san manga bording, lekin uchalasida ham o'sha joyda senga yomon gaplarni gapirmadi va orqangdan ham seni yomonlamadi, o'sha odamni do'st tutish kerak.

Аbdulloh ibn Tovus dedi: “Otam menga shunday dedilar:
“Ey oʼgʼlim, aqlli oqil kishilar bilan doʼstlash. Garchi ular kabi boʼlmasangda, ularga nisbat berilasan.
Johil, nodonlar bilan doʼst boʼlmagin, garchi ular kabi boʼlmasangda, ularga nisbat berilib qolasan.
Bilginki, har bir narsaning gʼoyasi, maqsadi boʼladi. Kishining gʼoyasi husni xulqdir.

Аbu Nuʼaymning “Hilyatul avliyo” kitobidan.

Hakimlar aytadi: "Sendan gʼazablansa ham, biror yomonlik qilmagan odam bilan doʼst boʼlaver, chunki gʼazab kishining asl loyini koʼrsatb beradi". © arabicuz

Do'stlikning fazilati

Do'stlar bilan ko'rishib, gaplashib turinglar, g'am-qayg'udan qutulishlaringga vosita bo'ladi. (Umar roziyallohu anhu)

Zamonamiz ulamolari aytadiki bu hikmat bandaga kor qilishi uchun telefonda yoki internetda emas aynan hikmatda aytilgandek "ko'rishib gaplashib turish kerak" deyildi.

Аbdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: "Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmon musulmonning birodaridir. U unga zulm ham qilmaydi va tashlab ham qoʼymaydi. Kim oʼz birodarining hojatini chiqarsa, Аlloh uning hojatini chiqaradi. Kim bir musulmonni gʼamdan forigʼ qilsa, Аlloh undan Qiyomat kunining gʼamlaridan bir gʼamni forigʼ qiladi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Аlloh Qiyomat kuni uning aybini berkitadi", dedilar".

Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.

Qanday insonni do'st tutmaslik kerak?

"Narsalar uni ziddi bilan o'rganiladi" deyilganidek, do'st tutish (mumkin bo'lmagan va) tavsiya etilmaydigan darajalar ham bor. Ular ham 5 darajadir:

1. Kufr.
"Mo'minlar mo'minlarni qo'yib, kofirlarni do'st tutmasinlar. Kim buni qilsa, bas, unga Allohdan hech narsa yo'q". (Oli Imron surasi, 28-oyat)

Tafsir: "Kim buni qilsa, bas, unga Allohdan hech narsa yo'q", degani — Allohga hech qanday aloqasi yo'q, deganidir.
Islomda boshqa dindagilar bilan yaxshi aloqada bo'lishga ruxsat bor. Lekin tutish, hamma narsani kofirga ishonib topshirib qo'yish mumkin emas.

"Tafsiri Hilol" kitobidan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rohimahulloh)

2. Zolimni. "Shunday qilib, qilgan kasblariga binoan zolimlarni bir-birlariga do'st qilurmiz".
(An'om surasi, 129-oyat)

Tafsir: Ya'ni yuqorida zikr qilingan jinlar va ularga ergashgan inslarni do'st qilganimizdek, tabiatiga, mafkurasiga, qiziqishiga, maqsadiga, niyatiga qarab, zolimlarni ham bir-birlariga do'st qilib qo'yamiz. O'sha zolimlar birlashib olib, Islomga va musulmonlarga qarshi turli ig'vo va fitnalarni qo'zg'ayveradilar.

3. So'zi Allohga dalolat qilmaydigan kishini do'st tutmagin.

Dining rivoji uchun yordam bergan do‘st har ko‘rishganda kaftinga bir oltin qo‘ygan do‘stdan yaxshidir. (Bilol ibn Sa’d rahmatullohi alayh)

"Seni toat ibodatga chorlaydigan doʼsting boʼlsa, uning qoʼlidan mahkam tut, chunki haqiqiy doʼst tanlash qiyin, yoʼqotish esa osondir". (Imom Shofeʼiy rahmatullohi alayh)

"Moʼmin va moʼminalar bir-birlariga doʼstdirlar. Ular yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar" (Tavba surasi, 71-oyat)

"Yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish" so'zi Allohga dalolat qilgan kishida bo'ladi. Chunki yaxshilik Qur'on bilandir, Qur'on esa Allohning so'zi (kalomi).

4. Sidq sifati bo'lmagan do'stni do'st tutilmaydi.

Do'stlik bu — bir shahardirki, kaliti vafo, aholisi esa vafodorlardir.

Aslida sadoqat va do'stlik "Sidq" so'zidan olingan.
"Sidq"ning ma'nolari — rostgo'ylik, samimiyat, vafodorlik, sadoqat.
Mazkur sifatlari bo'lmagan kishini do'st qilib bo'lmaydi.

Hazrat Ja'far as-Sodiq rahmatullohi alayh aytadilar: "Besh toifa kishining suhbatidan yiroq bo'l va hazar qilgin.

  • Yolg'onchini. uni yolg'oniga aldanib, mag'rur bo'lasan;
  • Ahmoqni. u senga manfaat yetkazaman deb ziyon yetkazar;
  • Baxil kishini. Senga manfaat kerak bo'lganda sendan qochar;
  • Tangdil (yuragi tor). Muxtojlik vaqtida sendan uzoqlashar;
  • Fosiqni. U seni bir luqmaga ham sotar.
Do‘stlashish yaxshi bir ishdir, shu do‘stlikka sodiq qolish esa buyuk ishdir.
(Nosir Xusrav)

"Soxta doʼst yurtma-yurt koʼchib yuruvchi qushga oʼxshaydi, ob-havo yomonlashdi deguncha joʼnab qoladi". © arabicuz

Albatta (sodiq) do'st qiyinchilik paytida bilinadi.

Demak doʼstlik va sadoqat, vafodorlik va fidokorlik tushunchalariga tutash boʼlgan tuygʼu ekan. Xiyonat unga butkul begona. Haqiqiy doʼst doʼstiga hech qachon xiyonatda boʼlmaydi.

5. Faqat manfaat ustida jamlangan do'stlarni.

"Yusufning inilari: “Biz bilan inimizni yubor” (Yusuf surasi, 63-oyat), deb aytdilar;
Soʼngra: “Ey otamiz, haqiqatda oʼgʼling oʼgʼrilik qildi” (Yusuf surasi, 81-oyat), deb aytishdi.

Manfaat koʼzlaganda: “Inimiz!” deb aytishdi.
Manfaat qolmaganida esa: “Oʼgʼling!” deyishdi.
Manfaat ustidagina doʼst boʼluvchi kishilardan ehtiyot boʼlgin!".

"Sen bilan yurgan har bir kishini ham doʼst deyaverilmaydi. Ularning baʼzilari ehtiyoj tushganda seni izlab qolishadi. Koʼpchiligi koʼngilxushlik uchun oʼrtoqlashishadi. Аmmo koʼpincha jiddiy (yordam kerak) paytda seni sotib yuborishadi". © arabicuz

Do'stni qachon tark qilish kerak?

Aytildi: "Doʼstingga "Tur, ketdik", deganingda "Qayoqqa?" desa, uni tark qil. Аgar u darhol "Ketdik", desa, suhbatida bardavom boʼl". (Ruhiy tarbiya kitobidan)

Ibn Shubruma aytadi: “Doʼstingga biror hojating yuzasidan iltimos qilganingda u hojatingni ravo qilish uchun oʼzini zarracha ham qiynamasa, tahorat qilib, toʼrt takbir ayt va uni oʼliklardan deb hisoblayver”.

"Agar do'stingga biror hojating tushadigan bo'lsa, buni unga ayt. Mobodo unda hech qanday harakat ko'rmasang, yana bir marta eslat, zero inson unutuvchidir. Ehtimol yodidan ko'tarilgandir. Agar yana esidan chiqib qolsa, yana eslat. Bordiyu, shunda ham sening ehtiyojing bo'yicha unda hech qanday harakat sezmasang, unga to'rt marta takbir aytginda, yo'lingda davom etaver. Zero, u kimsa o'lik ekan"
(Ihyou ulumid-diyn kitobidan).

Demak, do'st faqat o'lik holda bo'lsagina do'stining shikoyatini tinglamas, unga yordam qo'lini cho'zmas ekan. Tirik bo'la turib, do'sti uchun harakat qilmagan inson o'lik maqomida bo'larkan.

Insonning 3 xil do‘sti bo‘ladi:
Shaxsan o‘zining do‘sti, do‘stining do‘sti, dushmanining dushmani.
Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu)

Narsalar uning ziddi bilan o'rganiladi degan qoidaga muvofiq, insonning dushmani ham 3 xil bo'ladi: Shaxsan o'zining dushmani, do'stining dushmani, dushmanining do'sti.

Sahoba roziyallohu anhu aytgan sifatlarga zid ish qilgan (do'stining dushmanini do'st tutgan) kishini ham tark qilinadi.

Odamlarga xiyonat qilib yurgan kishini tark qilish jamiyat uchun qilingan eng katta yaxshiliklardan. Agar xiyonatkorni takror-takror do'st tutilsa, odamlar orasida xiyonat sifati odatiy holga aylanib qoladi hamda o'sha jamiyatda xiyonatkorlar, birovni haqqidan qo'rqmaydiganlar, poraxo'rlar, vadaga vafo qilmaydiganlar ko'payib ketadi.

Holbuki xiyonat eng og'ir jinoyat bo'lib, hech qaysi bir zamonda va makonda kechirilmagan.

Shu kunlarda do'st haqida tushunchalarimiz umuman yo'qligi uchun, kimni do'st tutib, kimni tark qilishni bilmaganimiz uchun, keraksiz odamlarga qancha vaqtlarimiz isrof bo'lganini, hamda jamiyatimizni qanday ahvolga kelib qolganini ko'rib turibmiz. Shunday ekan el-yurt kelajagi uchun yordam qilaman degan kishi avvalo do'stlariga bir qator nazar solib qo'ysin. Chunki bu ishdagi jiddiylik va to'g'ri qaror, yuqoridagi (tadqiqot natijalarida) aytganimizdek farzandlarimiz tarbiyasi uchun 60% samarali ta'lim bo'ladi.

Do'stni tark qilishdan oldin qilinadigan ishlar

Аbu Dardo roziyallohu anhu aytdilar: Doʼstlaringizdan birontasi oʼzgarib qolgan, gunoh qilgan vaqtda uni darrov tark qilib yubormang, mazammat qilib, ayblay boshlamang. Balki unga goʼzal uslubda pand- nasihat qiling, vaʼz qiling, unga (kamchilik, nuqsonlarini toʼgʼrilab, tavba qilib olishi)ga sabr qiling. Аlbatta doʼst va birodar bir safar qiyshayadi, boshqa safar toʼgʼrilanib, oʼnglanadi.

"Musulmonlar ichida Аlloh taologa toat qilib, maʼsiyat qilmaydigani va aksincha, maʼsiyat qilib, toat qilmaydigani birorta ham yoʼq. Kimning toati maʼsiyatidan koʼp boʼlsa, oʼsha adolatlidir".
(Imom Shofeʼiy rahmatullohi alayh)

Mobomiki yer yuzida xatosiz inson yo'q ekan, adolatli do'stlarni ko'paytirish kerak. Nuqsonlariga nasihat qilib tuzatishga ko'maklashib, xato-kamchiliklarini yashirib, kechirishga odatlanish kerak.

X U L O S A

• Do'st inson o'zgarishligi uchun eng muhim omil ekan.
• Do'stlar farzand tarbiyasi uchun eng muhim omil ekan.
• Do'stsiz insonning hayoti yaxshi bo'lmas ekan.
• Yaxshi do'st insonni hayotini yorita olar ekan.
• Do'st xato kamchiliklarni tuzatib turadigan oyna ekan.
• Do'sti yo'q kishida yaxshilik yo'q ekan.
• Do'st bo'lmagan kishida yaxshilik yo'q ekan.

"Vaqt tejash omillari" degan maqolamda "kishini o'ziga keraksiz narsalarni tark qilishi vaqt tejash omilining eng kattasi" deb yozgandim. Shuningdek, insonning hayoti chiroyli va farovon bo'lishi uchun, chinakam do'stlarni ajratib olmog'i lozim.

Suhbatimiz so'ngida hayotda bo'lib o'tgan bir kichik hikoya bilan yakunlayman.

Bir ahli ilm katta ustozni bir guruh do'stlar dasturxon yozib taklif qilishdi, so'ng ustozga "do'st haqida" ma'ruza qilib berishlarini so'rashdi. Shunda ustoz do'st haqida suhbat qildilar, ma'ruza tugagach, do'stlar davrasida chuqur sukut saqlandi, so'ngra bir shijoatli yigit o'rnidan turdida aytdi: "Meni umuman do'stim yo'q!".
Bu gapdan hammani yuzida xayrat alomati edi, so'ngra yana takror aytdi: "Meni bu dunyoda umuman do'stim yo'q ekan!". Dasturxon atrofida o'tirgan do'stlari ham (ma'ruzani eshitib, do'st sifatlarini bilganlaridan so'ng) birortasi "Allohga qasam mana men seni do'stingman" deyolmadi, so'ngra haligi yigit sizlar meni ulfatim ekansizlar xolos dedi.

Abu Ja'far do'st-yoronlariga aytdilar: "Sizlardan biringiz qo'lini do'stining cho'ntagiga solib, xohlagan narsasini undan olishi mumkinmi?" Javob berishdi: "Yo'q". Shunda u kishi aytdilar: "Sizlar o'ylaganingizdek do'st-birodar emassizlar!"

* * *

"Salafi solihlar oʼz doʼstining vafotidan keyin qirq yil uning bolalari va ahli ayolidan xabar olib turgan. Har kuni ularning holidan xabar olib, oʼz molidan ularni taʼminlab turgan. Farzandlar otalaridan koʼrmagan baʼzi narsalarini uning doʼstidan koʼrishgan". (Minhojul qosidiyn kitobidan)


Mana shu dinimiz ahkomlariga rioya qilib, do'stlariga xiyonat qilmay iymonda, vafoda sobitqadam bo'lganlar Olamlar Robbisiga taqvo qilganliklari tufayli Allohning do'sti bo'lish sharafiga muyassar bo'ladilar.

"Ogoh bo'lingkim, Allohning do'stlariga xavf yo'qdir va ular xafa ham bo'lmaslar".
(Yunus surasi 62-oyat)

Tafsir: Ha, Allohning do'stlariga, ham bu dunyoda ham oxiratda hech qanday xavf yo'qdir. Ular ikki dunyoda ham to'liq omonlikdadirlar. Ular bu dunyoda Allohga do'st bo'lganlari uchun, U zotning ko'rsatmalari bo'yicha halol-pok, to'g'ri yashaganlari uchun ularga hech narsa xavf-xatar solmaydi. Ularning sog'lig'iga, molu mulkiga, obro'-e'tiboriga, oilasiga, jonlariga, umuman hech narsalariga hech qanday xavf yo'q.
Shuningdek, oxiratda ham ularga do'zaxning, undagi azob-uqubatlarning hech qanday xavfi yo'q.
Allohning do'stlari bu dunyoyu oxiratda hech xafa ham bo'lmaslar. Ular doimo xursand bo'lurlar. Ana o'sha baxtiyor shaxslardir.

"Tafsiri Hilol" kitobidan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rohimahulloh)

* * *

Aziz o'quvchi, maqolani to'liq o'qib chiqqan bo'lsangiz, haqiqiy do'stingizga, do'st haqida to'g'ri tushunchalar olganiz haqida bildiring va ushbu maqolani yuborishlik bilan do'st bo'lishga tayyor ekanizi ayting, zero jamlanish musulmonlarga xos ishdir. Parchalash esa shaytonning oliy maqsadidir. Shaytonning izdoshlaridan bo'lib qolmang. "Shayton ularga g'ururdan boshqa narsani va'da qilmas". (Niso surasi, 120-oyat)

* * *

Alloh taolo bizlarga itoat ne'matini ato etib, Alloh va Rosuliga do'st bo'lishlik sharafiga muyassar etsin. Taqvo va sadoqat sifatlari ila mo'minlarga do'st bo'ladigan solih bandalar qatoridan qilgan bo'lsin bo'lsin!

Muallif: Rahimjon Gaziyev (kompyuter ustasi)
(20 noyabr 2021 yil — 04 dekabr 2021 yil)

Mazkur asardan olingan xulosa va foydalarni muhokamada yozib qoldirishni unutmang