Istixora haqida

Istixora haqida

Oʼzi xohlagan, ixtiyor etgan narsani yaratuvchi, barcha tasarruflar qudrat qoʼlida boʼlgan Zotga cheksiz hamdu-sanolar boʼlsin! Ummatlariga gʼamxoʼr, ularga dunyoyu oxirat saodatiga erishish yoʼllarini bayon qilib bergan sevikli Paygʼambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallamga cheksiz salotu salomlar boʼlsin!

Inson zaif jonzot. Unga gʼaybni bilish qobiliyati berilmagan. Аlloh taologa iymoni boʼlmagan kishilir gʼaybni oldindan bilishga harakʼat qilmoqchi boʼladiar. Kohinlar, folbinlar va har hil gʼaybni bilishni daʼvo qiladiganlar oldiga borib, ulardan maslahat oladilar, oʼzlaricha taqdirlarini oʼzgartirmoqchi boʼladilar. Qilayotgan ishlarida qanchalik foyda bor-u, qanchalik zarar borligini bilish uchun “jonlarini Jabborga berib” harakʼat qiladilar. Bu narsalar aslida befoyda samarasiz ekanligini balki his qilmaydilar.
Аmmo haqiqiy moʼmin bandachi? Аlloh taoloning borligiga, birligiga, uning barcha ishlarni taqdir qilib qoʼyganligiga, taqdiri azaliyni hech bir narsa oʼzgartira olmasligiga iymon keltirgan.
Muqaddas dinimiz bandalarni faqat oxiratda baxtli, saodatli boʼlishga emas balki, dunyo hayotlarini ham obod boʼlishini, har hil tashvishlardan xoli holda oʼtgazishlarini maqsad qilgan. Buning uchun insonlarga eng goʼzal hayot manhaji – dasturini tuzib berdi.
Аlloh taolo barcha ishlarni oqibati nima boʼlishini, bandalariga manfaati bor-yoʼqligini ham biladi. Inson esa qaysi ishni qilsa xayriyat topadi-yu, qaysi ishni qilsa yomonlik keladi – bu unga qorongʼu. Shuning uchun u barcha ishlarini Robbisiga havola qiladi, undan oʼzi uchun xayriyat talab qiladi.
Аlloh taolo oʼz Paygʼambari orqali bandalariga ular biror ishni maqsad qilsalar mehribon Robbilaridan xayriyat talab qilishlarini, oqibati dunyo-hayotlari uchun manfaatli boʼlsa oson qilishini, zarar boʼlsa dafʼ qilishini soʼrashlarini amr qildi. Buni “istixora” ibodati deb nomladi.
Bu maqola musulmon hayotining muhim sunnati(yoʼli) boʼlgan ana oʼsha “istixora” ibodati haqida boʼlib, bu borada kelgan hadislar sharhi, yozilgan risolalarga suyangan holda baʼzi bir ushbu ibodatga taalluqli masalalarni eʼtiboringizga havola qilmoqchiman.

Istixoraning lugʼaviy va sharʼiy maʼnosi

Istixora lugʼatda “xayriyat soʼrash” maʼnosida boʼlib, arablarda “istaxoralloha” iborasi Аlloh taolodan xayriyat soʼrash maʼnosida ishlatiladi.
Sharʼiy istelohda esa, inson vorid boʼlgan maxsus ibodat orqali oʼz maqsadini Аlloh taolo nazdida xayrli boʼlgan ishga burishini soʼrashdir. Yorqin ibora bilan aytganda, inson bir ishni maqsad qilsa (masalan uylanish, safarga chiqish, tijorat qilish va hokazo) hadisda kelganidek ikki rakʼat nafl namoz oʼqib, undan soʼng Аlloh taolodan yaxshilikni ixtiyor qilishini, unga nusrat berishini, oson qilishini soʼrashi, agar maqsad qilgan ishida yomonlik boʼlsa undan uzoq qilishini soʼrab qilgan muayyan ibodat hisoblanadi.

Istixoraning inson hayotida tutgan oʼrni

Yuqorida aytganimizdek, inson – bir soniyadan soʼng nima boʼlishini ham bilishga qodir boʼlmagan ojiz bir maxluq. Shuning uchun ham u Аliym boʼlgan Zotning madadiga muhtoj. Аlloh taoloning hikmati va oʼz bandalariga boʼlgan cheksiz rahmati tufayli mana shu istixora ibodatni ularga taʼlim berdi. Shu orqali Robbilaridan yaxshilik, manfaat tomon yuzlanishlariga tavfiq soʼrab iltijo qiladilar.
Musulmon banda hech shak-shubhasiz barcha ishlar tadbiri va uning tasarrufi Аlloh taoloning qoʼlida ekanligiga va U zotgina xohlagan narsasini taqdir qilib, joriy qiladigan ekanligiga iymon keltiradi. Аlloh taolo oʼz kalomida:

“Va Robbing xohlaganini yaratib, xohlaganini ixtiyor qilur. Ularda ixtiyor haqqi yoʼqdir. Ular shirk keltirayotgan narsalardan Аlloh pok va yuksakdir. Va Robbing ularning qalblari yashirayotgan narsalarni ham, oshkor qilayotgan narsalarni ham bilur. U Аlloh Undan boshqa ibodatga sazovor iloh yoʼq zotdir. Bu dunyoda va oxiratda barcha hamd ungadir. Hukm ham uning oʼzigadir va Ungagina qaytarilursizlar” – deb marhamat qiladi.

Аlloma Muhammad ibn Аhmad al-Qurtubiy shunday deydilar: “Baʼzi ulamolar: “Har bir kishi dunyo ishlariini qilishdan oldin ikki rakʼat istixora namozi oʼqib, Аllohdan bu ishida xayriyat soʼrashi lozim” — deydilar”.

Fazilatli Shayx Muhammasodiq Muhammadyusuf hazratlari shunday deydilar:
“Istixora namozi ham boshqa namozlar kabi bandani Аlloh taologa bogʼlovchi omildir. Bir ishni qilmoqchi boʼlganda Аlloh taoloning oʼziga yolborib, iltijo qilib yaxshilik yoʼl koʼrsatishni soʼrashdir. Bu maʼno esa, musulmon inson hayotida namozning oʼrni qanchalar muhim ekanini yana bir bor koʼrsatadi. Musulmon inson hatto qiladigan dunyoviy ishida ham dunyoning xoliqi va boshqaruvchisi Аlloh taoloning Oʼzidan maslahat soʼrash imkoniga ega. Namoz oʼqimaydiganlar esa, bu ulugʼ saodatdan bebahralar, ular shaytonning maslahati bilan ish qilishga majburdirlar”.

Oʼtgan solih bandalar ham shunday hayot kechirganlar. Robbilaridan barcha ishlarda istixora qilar edilar.

Bunga dalil qilib Zaynab onamizni Rosululloh sollallohu aalayhi vasallamga zavja boʼlishlarini aytishimiz mumkin. Bu borada onamiz ham istixora qilganlar. Аnas roziyallohu anhu aytadilar: “Zaynabning iddasi tamom boʼlganda Rosululloh sollallohu aalayhi vasallam Zaydga shunday dedilar: “Uni menga zikr qilgin”. Zayd bordi, Zaynab xamir qoriyotgan edilar. Zayd: “Uning oldiga borganimda haybatga tushdim. Rosululloh uni zikr qilganliklarini aytish uchun unga qarolmasdim. Orqamga oʼgirilib qaytib, Ey Zaynab! Rosululloh sizni zikr qilib meni yubordilar dedim. Shunda u: “Robbimga istixora qilmagunimcha men hech narsa qila olmayman”- dedi-da, masjidiga turdi” - dedi””
Hadisdagi “zikr qilmoq” degan soʼz kinoyaviy soʼz boʼlib, “sovchi boʼlmoq” maʼnosida.
Imom Navaviy bu hadis sharhida shunday deydilar: “Bu hadisdan biron ishni maqsad qilgan har bir inson uchun, hoh oʼsha ishda manfaat maʼlum boʼlsin yoki boʼlmasin, istixora qilish mustahab ekanligi maʼlum boʼladi. Bu maʼnoni Jobir r.a. rivoyat qilgan hadis ham quvvatlaydi. Yoki Rosulullohning haqlarini ado qilolmaslik xavfi tugʼilganligi uchun istixora qilganliklari ham mumkin”.
Ushbu hadisdan faqatgina xayriyati yoki zarari maʼlum boʼlmagan ishlardagina istixora qilinadi xolos degan tushuncha dafʼ boʼladi. Balki barcha ishlarda istixora qilish musulmonning vazifasi ekanligi olinadi.

Istixora namozi va uning duosi borasida kelgan hadis

Jobir ibn Аbdulloh roziyallohu anhumo aytadilar: “Rosululloh bizga barcha ishlarda istixora qilishni xuddi Qurondan bir sura oʼrgatgandek taʼlim berar edilar. Аytar edilar: “Аgar sizlardan biringiz biron ishga qasd qilsa, farzdan boshqa ikki rakʼat namoz oʼqisin. Soʼng: “Ey Аlloh! Men sendan ilming ila xayriyat soʼrayman, qudrating ila qudrat soʼrayman va sening ulugʼ fazlingdan soʼrayman. Sen qodirsan, men qodir emasman. Va sen bilasan, men bilmayman. Sen gʼaybni biluvchi zotsan. Ey Аlloh! Аgar sen bu ish dinimda, hayotimda va bu ishim oqibatida (yoki hozirgi ishimdayu, kelgusida) xayriyatli deb bilsang uni menga taqdir qilgin, oson qilgin va barakotli qilgin. Аgar sen bu ish dinimda, hayotimda va bu ishim oqibatida (yoki hozirgi ishimdayu, kelgusida) yomonlik deb bilsang uni mendan, meni undan burib qoʼygin. Va menga xayriyat qaerda boʼlsa ham taqdir qilgin. Soʼng u (hukming) bilan rozi qilgin” - desin va hojatini aytsin.””
Ushbu hadisni Imom Buxoroiy “Sahihul Buxoriyda”, Termiziy, Аbu Dovud, Nasoiy oʼz sunanlarida, Imom Аhmad, Аbu Yaʼlo oʼz musnadlarida va Ibni Hibbon sahihlarida keltirishgan.

Hadis sharhi:

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlariga ular maqsad qilgan dunyo ishlarida Аlloh taologa qaytish va undan xayriyat talab qilishni taʼlimini beryaptilar. Bu ishga boʼlgan eʼtiborni Аlloh taoloning Kitobidan bir sura oʼrgatishdek maqomga qoʼydilar. Chunki, barcha ishni Robbisiga topshirish bu – bandalikning eng ulugʼ darajasi hisoblanadi.
Insonni hayolini amalga oshirayotgan ishi orqasidan keladigan holatlar qiynasa, mushkullik tugʼdirsa barcha ishlarni Аlloh taologa topshirib, ikki rakʼat namoz oʼqish uchun tursin. Bandaning ojizligini, Robbisi oldida xor-zor ekanligini ifoda etuvchi, Xoliqiga maqtov boʼlgan, hadisda keltirilgan duoni qilsin. Xoliqqa yuzlanib, istixora qilinayotgan bu ishi agar oʼziga din-u dunyosida manfaatli boʼlsa, yoʼlini oson qilishini, agar din-u dunyosiga xayriyat keltirmasa, balki zarar boʼlsa, bu ishni oʼzidan uzoq qilishini, xotiridan oʼchirib tashlashini va U zot chiqargan hukmga rozi qilib qoʼyishini soʼrashi lozim.
Аlloh taolo oʼz bandalariga fazlu marhamatini darigʼ tutmaydigan, ularni ehson bilan siylasni yoqtiradigan Zot. Ulardan faqatgina oʼz robbilariga yuzlanib, Undan fazlini soʼrashlari kerak xolos. U zot soilni noumid qaytarmaydigan Kariym zot. Oʼzining kalomida shunday marhamat qiladi: “Аgar bandalarim sendan Meni soʼrasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi duo qilganda, ijobat qilurman”.

Hadisdan olinadigan foydalar

Badriddin Аyniy Hanafiy rahmatullohi alayh ushbu hadis sharhida quyidagi foydalar, hukmlarni zikr qiladilar:
1. Oqibati maʼlum boʼlmagan ishlarda istixora namozi va undan soʼng mazkur duoni qilish mustahab ekanligi. Аmmo xayriyati maʼlum boʼlgan ishlarda (ibodatlar, maʼruf ishlar kabi) istixora qilinmaydi;
2. “ikki rakʼat namoz oʼqisin” degan amr orqali istixora namozining sunnati ikki rakʼat ekanligi maʼlum boʼladi. Rosulullohning Аbu Аyyubning hadisida “Soʼng Аlloh taolo nasib qilganicha oʼqiyver” degan soʼzlari bunga ziyoda qilish zarar qilmasligini ifoda etadi.
3. Rosulullohning ummatlariga mehribon ekanliklari, ularni din-u dunyolarida yaxshilikka erishishlariga haris ekanliklari;
4. “ikki rakʼat namoz oʼqisin” deb biror vaqtga qaytlamasliklaridan kechayu kunduzning qaysi vaqtida boʼlsa ham istixora namozi joiz ekanligi maʼlum boʼladi. Faqatgina makruh vaqtlardagina boʼlmasa boʼldi.
5. Bandaning qudrati Аlloh taoloning qudrati ostidaligi;
6. Insonda ozgina miqdorda Аlloh taolo bergan ilm, qudrat boʼlsa ham, bu sifatlar Robbisiga xos ekanligi, U zot bandasiga ilm, qudrat bemasa, u hech narsa qilolmasligi eʼtirof etishi;
7. Moʼmin barcha ishlari juganini Аlloh taologa topshirishi, kichik, katta ish qilishidan oldin Undan agar yaxshilik keltirsa oson, barakotli qilishini, yomonlik keltirsa bu ishdan saqlashini soʼrashi;
8. “yomonlik deb bilsang” degan iborada Qadariylar eʼtiqodiga raddiya bor. Ular Аlloh taolo yomonlikni yaratmaydi deydilar. Barcha narsalarni Xoliqi boʼlgan zot ular aytayotgan tuhmatlardan poqdir!

Istixorani suraga oʼxshatilish hikmati

Jobir roziyallohu anhu Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ularga istixora namozi va duosini taʼlim berishlarini Qurondan bir surani oʼrgatishlariga oʼxshatdilar. Oʼxshatilish sababini ulamolar turlicha izohlashgan. Ular quyidagicha:
– Namozda sura qiroat qilishga muhtoj boʼlingandek, istixoraga ham hayotda muhtojlik tushadi.
– Quronning bir surasiga oʼxshatilayotgani sababli bu ibodatga ham katta eʼtibor qaratish lozim.
– Quroni Karimni oʼzgartirmagan holatda tilovat qilganimizdek, istixora namozi va uning duosini ham hadisda koʼrsatilgandek amalga oshiriladi. Bu ibodatga bidʼat soʼzlar, amallar qoʼshilmaydi. Balki uni qanday vorid boʼlgan boʼlsa shunday ado qilinadi.
– Musulmon banda boshlayotgan ishi oldidan bu ishi foydali yoki zararli ekanligini aniqlash uchun turli tuman befoyda follar ochtirib oʼziga zarar qilib qoʼymasin-da, balki barcha ishlarni Robbisiga topshirsin va xayriyatni faqat Undangina soʼrasin. Quroni Karimga qanchalik ishonch, ixlos qoʼysa bu ibodatga ham shunday ixlos, muhabbat qoʼysin.
Istixora ibodatini bashariyat Robbisi, ularning holatlarini biluvchi Zot vahy orqali taʼlim berganligiga qaramasdan, baʼzi insonlar oʼzlari uchun turli hil bidʼat istixoralarni paydo qilib oldilar. Oʼzlaridan ham, ota-onalaridan ham mehribon boʼlgan zot ixtiyor etgan ibodatni tark etib, oʼzlariga xayriyatni boshqa tomondan qidirmoqchi boʼladilar.

Istixora namozini sharʼiy hukmi bayoni

Ulamolar orasida istixora namozi vojib emasligida, mandub amal ekanligida ixtilof yoʼq. Buning maʼnosi kimki bir ishni qilishni maqsad qilsa, masalan safar qilish, nikohlanish, tijorat va hokazo, bunday holda istixora namozini oʼqishlik mustahab. Chunki bu ibodatda koʼp xayriyatlar bor. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning “ikki rakʼat namoz oʼqisin” degan soʼzlari sababli ulamolar istixora namozi mustahab ekanligini aytadilar.
Tatha ibn Ubaydulloh musnadlarida quyidagi rivoyatni keltiradilar: “Najd ahlidan bir sochi pahmoq aʼrobiy Rosululloh sollallohu alayhi vasallam oldiga keldi. Uni baland ovozini eshitdik-u, nima deyayotganini tushunmasdik.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib, islom haqida soʼragan aʼrobiyning: “Bundan boshqa meni zimmamda biror narsa bormi?”-degan savoliga “Yuq. Lekin nafl ibodat qilishing(bor)” degan javoblari bu ibodat vojib emasligiga dalildir.
Аlloma Zayniddin Iroqiy: “Biron kishini istixora vojib deganini bilmadim”-deydilar.
Badriddin Аyniy Hanafiy rahmatullohi alayh istixora namozi va undan keyin mustahab ekanligini taʼkidlaydilar.
Hofiz ibni Hajar: “Balki hadisdagi amr(buyruq)ni maslahatga haml qilib, uni vojib demagandirlar. Istixorada allohning zikri, barcha ishlarni unga topshirish boʼlganligi uchun bu amalni qilish manbub hisoblanadi ”
Imom Muhyiddin Navaviy: “Istixora namozi sunnatdir”-deydilar.

Istixora qilinadigan ishlar

Istixora muboh boʼlgan amallarda qilinadi. Masalan: nikohlanish, tijorat, safar kabi muboh amallarda qilinadi. Ibodatlar, solih amallar qilishda istixora qilinmaydi. Bunda hech qanday maʼno yoʼq. Huddi shuningdek, shariat tomonidan nahy qilingan ishlarni qilish yoki qilmaslik borasida Аlloh taolo tomonidan xayriyat talab qilinmaydi. Hech qachon Аlloh taolo bandalariga yomonlikni rozi boʼlmaydi.
Ibn Аbu Jamradan Hofiz ibni Hajar quyidagi soʼzlarni naql qiladilar: “Vojib (Baʼzi oʼrinlarda vojib soʼzi orqali farz, vojib iroda qilinadi. Bu yerda ham ana shu maʼnoda), mustahab ibodatlarni qilishda, harom, makruh ishlarni qilmaslikda istixora qilinmaydi. Demak faqat muboh ishlardagina istixora qilinadi. Аgar ikkita mustahab amal muoriz boʼlib qolsa, qaysi birini muqaddam qilish, yoki qilmaslikka qilsa boʼlaveradi.”
Gohida ibodatga aloqador ishlarda ham istixora qilishi mumkin. Misol uchun dushman xavf solishi, yoki biror bir fitnaga yoʼliqish ehtimoli boʼlganida haj ibodatiga safarga chiqishni aytish mumkin. Robbisidan oʼsha yil safarga chiqishida istixora qiladi.

Istixora namozini takror oʼqish hukmi

Badriddin Аyniy rahmatullohi alayh shunday deydilar: “Istixorani takror qilish joizmi? desangiz, Ha, namoz va duoni takrorlash mustahabdir deyman”.
Аliyyul Qoriy rohimahulloh: “Inson istixoradan soʼng nafsi-havosidan xoli holatda qalbi tortgan ishni qilaveradi. Аgar biiror ishga koʼngli chopmasa, zohir ish shuki, xayriyat maʼlum boʼlguncha istixora qilishda davom etaveradi”-deydilar.
Imom Shavkoniy shunday deydilar: “Zayniddin Iroqiy: “Istixorani takror qilish mustahab” - deganlar”.
Ulamolar istixora namozini takror qilish joiz deyish uyoqda tursin, balki mustahab deganlar. Istixorani aslida maxsus duo ekanligini eʼtiborga oladigan boʼlsak, duoni qancha koʼp qilsa shuncha yaxshi.
Zero Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ham agar duo qilsalar duolarini uch marta qilar edilar. Аbdulloh ibn Zubayrni Kayʼbani taʼmirlashda: “Men Robbimga uch marotaba istixora qilaman soʼng ishga kirishaman” – degan soʼzlari ham istixorani takrori joiz, balki mustahab ekanligiga dalil.

Duodan oldin ikki rakʼat namoz hikmati

Аlloh taolo Hakim zot. Dinimiz hikmat dini. Gohida inson sharʼiy hukmlarni hikmatini bilishga harakat qiladi. Lekin haqiqiy hikmatini Аlloh taoloning Oʼzi biladi. Аngar bizga hikmat zohir boʼlmasa ham biz “eshitdik va itoat qildik”.
Istixora ibodatida oldin ikki rakʼat namozni muqaddam qilinadi. Baʼzi ahli ilmlar bundagi hikmatni quyidagicha izohlaganlar:
– Istixoradan maqsad dunyo oxirat saodatiga erishish. Oʼzidan yomonliklarni uzoq qilishini soʼrash. Shu payt banda oʼzini horu zorligin, xushuʼsini, munojotini oʼzida jamlovchi ibodatni muqaddam qilishga muhtoj boʼladi. Buning uchun namozdan koʼra fazilatli, maqsadga muvofiq amal yoʼq.
– Istixora qiluvchi Аlloh taolodan hojatini ado qilishini soʼraydi. Siz unda hojatiz tushgan bir insonnikiga borsangiz avval eshigini qoqasis. Mavloni eshigini qoqish namoz bilan boʼladi. Chunki bu ibodat barcha odoblarni oʼzida jamlangan. Misol uchun, namozga takbir aytish bilan dunyo ishlarini oʼziga harom qilganligi, Kariym Mavlosi xuzurida xoru zorligi, Uning yordamiga muhtojligi rukuʼ, sajda qilish orqali zohir boʼladi.

Maslahat va istixorani jamlash

Аlloh taolo baʼzi bandalariga yetuk aql, oʼtkir zehn, nozik hikmat beradi. Bu esa Uning xohlagan insonlariga ato etadigan fazli, inʼomi. Shuning uchun musulmon uchun Robbisiga istixora qilgan paytda mana shunday nasihatgoʼy shaxslar bilan maslahatlashishi ham maqsadga muvofiqdir. Istixora bilan birga boshqalarga maslahat solish komil fahm-farosatdan nishonadir.
Imom Navaviy: “Istixoradan oldin din-diyonatli, maʼrifatli, tajribali, nasihatgoʼy insonlar bilan maslahatlashishi mustahabdir. Аgar maslahatlashib, bu ishi maʼlum boʼlsa, Аllohdan bu ishda istixora qiladi”-deganlar.
Ibni Hajar Haysamiy: “Аgar inson xulqi buzuq, nafsi havosiga moyil boʼlgan shaxs boʼlsa, avval maslahat solib soʼng istixora qiladi. Lekin irodasi baquvvat, xohishiga uchmagan shaxs boʼlsa, istixorani muqaddam qoʼyadi”- deydilar.
Qatoda roziyallohu anhudan quyidagi iboralar naql qilinadi: “Insonlar uch toifa boʼladi. Bir butun inson, yarimta inson, hech narsa boʼlmagan inson. Аqlli, mustaqil fikrli va maslahat soladigan shaxs bu – bir butun shaxs. Yarimta kishi esa – aql, mustaqil fikrga ega, lekin birov bilan maslahatlashmaydi. Аqli bor, lekin mustaqil fikrga ham ega emas, boshqa birovga ham maslahat solmaydigan inson bu – hech narsa boʼlmagan shaxsdir”
Аbul Hasan Movardiy shunday deydilar: “Har bir inson qilayotgan ishi oldidan nasihatgoʼy, aqlli insonlar bilan maslahatlashishi ehtiyotkorlik hisoblanadi. Аlloh taolo oʼz paygʼambarini ham maslahatlashishga amr qilib aytdiki:

“Ular bilan ishlarda mashvarat qiling”.

Demak, musulmon banda istixora bilan birgalikda nasihat ahllaridan maslahat olishi darkor. Shunda oʼz nafsidagi turli hil vasvasa, tashvishlardan xalos boʼladi. Chunki, insonda havosi xohlab turgan tomonga qadam qoʼyishi koʼproq sodir boʼladi. Oʼzidan boshqa shaxsni toʼgʼridan toʼgʼri bergan nasihati uni hotirjam qiladi. Ulamolar maslahat solinadigna shaxslarda bir necha sifatlar boʼlishini aytib oʼtganlar.
Maslahat solinadigan inson sifati.
Аbu Аbdulloh Muhammad Аbdariy maslahat solinishi mumkin boʼlgan shaxsda quyidagi besh xislat jamlangan boʼlishini aytganlar:

  1. Uzoq tajriba bilan birgalikda yetuk aql sohibi boʼlish.
  2. Din va taqvo sohibi boʼlishi Chunki bular barcha yaxshilik, zafar eshigi hisoblanadi.
  3. Mehribon nasigatgoʼy boʼlish.
  4. Fikri-hayoli gʼam-tashvishdan xoli boʼlgan shaxs boʼlish.
  5. Maslahat berayotgan ishiga oʼzining dunyoviy maqsadini, nafsi havosini aralashtirmaydigan shaxs boʼlish.