Yaqin kelajakda insonar 2 toifaga bo'linadi: "Fikrlovchilar" va "tayyor ma'lumotni iste'mol qiluvchilar"

Yaqin kelajakda insonar 2 toifaga bo'linadi: "Fikrlovchilar" va "tayyor ma'lumotni iste'mol qiluvchilar"

Kelajakda aqllilik haqiqiy qadriyatga aylanadimi?

Pol Grem, startaplar akseleratori Y Combinator asoschisi, kelajakda texnologiyalar, xususan, neyrosetlar insonlar aql-idrokiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, 20-yil ichida insonlar mustaqil fikrlash va yozish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin, chunki bu jarayonlarni neyrosetlarga topshirishga ko‘nikib boryapmiz. Bu hodisa kelajakda jamiyatdagi eng muhim ko‘nikmalardan biri bo‘lgan mustaqil fikrlash elitalarning o‘ziga xos xususiyatiga aylanishiga olib keladi.

Gremning fikriga ko‘ra, insonlarda chuqur fikrlash jarayonini qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy vosita yozish bo‘lib, aynan yozish orqali inson tafakkuri chuqurlashadi va tahlil qilish qobiliyati shakllanadi. Agar yozish jarayoni neyrosetlarga yuklansa, insonlar fikrlash qobiliyatini yo‘qotib qo‘yishi ehtimoli yuqori. Uning ta’kidlashicha, bu jarayon insoniyatni ikkiga bo‘lish xavfini keltirib chiqarishi mumkin: «fikrlovchilar» va «tayyor ma’lumotni iste’mol qiluvchilar».

Pol Grem shunchaki futurist emas; uning rahbarligidagi Y Combinator akseleratori Airbnb, Reddit va Stripe kabi mashhur kompaniyalarning yuzaga kelishiga yordam bergan. Shu bois, uning fikrlari texnologik dunyoning kelajagi uchun muhim. U yozgan esselar startapchilar uchun yo‘l-yo‘riq sifatida qabul qilinib, texnologiyalar va biznes rivoji borasida dastlabki qadamlarni belgilab beradi.

Gremning prognoziga ko‘ra, odamlar vaqti o‘tishi bilan turli vazifalarni neyrosetlarga topshirishga odatlanib boradi. Bugungi kunda neyrosetlar insonlarning har kuni bajarishi kerak bo‘lgan ko‘plab vazifalarni yengillatyapti – matn yozish, tahlil qilish, hatto ijodiy yozishda ham yordam berayotgani kuzatilyapti. Bu jarayon bir tomondan qulay, lekin uning uzoq muddatli ta’sirlari insonlarning intellektual darajasiga zarar yetkazishi mumkin.

«Chuqur fikrlash faqat yozish orqali bo‘ladi».

Agar inson yozishdan voz kechsa, uning fikrlash qobiliyati ham sekin-asta susayishi mumkin. Natijada insonlarning intellektual darajasi pasayib, chuqur fikrlay oladiganlar jamiyatdagi kam sonli guruhga aylanadi. Bu guruh ma’lum bir intellektual va ijtimoiy qadriyatga ega bo‘ladi, chunki mustaqil fikrlash qobiliyati kamdan kam insonlarda qoladi.

Gremning bu fikrlari to‘g‘ridan to‘g‘ri antiutopik janrlarda ko‘riladigan ssenariyni eslatadi. Ko‘plab antiutopiyalarda jamiyat o‘z intellektual mustaqilligini yo‘qotib, texnologiyalarga to‘liq bog‘liq holga kelgan insonlar ko‘rsatiladi. Gremning fikricha, hozirgi neyrosetlar rivoji odamlarni fikrlash va yozishdan voz kechishga odatlantiradi va bu haqiqatdan ham xavotirli.

Gremning so‘zlari jamiyatga aniq xabar yuboradi: intellektual mustaqillikni saqlab qolish muhim va kelajakda yanada qadrlanadigan hodisaga aylanadi. Agar insonlar o‘z fikrlash qobiliyatini saqlab qolishni xohlasa, neyrosetlarga to‘liq bog‘lanib qolmasdan, yozish va tahlil qilish kabi aqliy faoliyatlarni muntazam davom ettirishlari zarur.


Muallif: Nurbek Alimov